Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida 8-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari

Tadbirkorlik faoliyati subyektlari quyidagilarga haqli: qonun hujjatlariga muvofiq oʻziga tegishli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish; mustaqil ravishda ishlab chiqarish dasturini shakllantirish, mahsulot yetkazib beruvchilarni va oʻz mahsulotining (ishlari, xizmatlarining) isteʼmolchilarini tanlash; tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish va uni oʻz ixtiyoriga koʻra tasarruf etish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari bundan mustasno; oʻz mahsulotini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa mol-mulkni olish va (yoki) ijaraga olish, shu jumladan lizing yoʻli bilan; belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.