Taʼlim toʻgʻrisida 10-modda. Professional taʼlim

Professional taʼlim egallanadigan kasb va mutaxassislik boʻyicha quyidagi darajalarni oʻz ichiga oladi: boshlangʻich professional taʼlim; oʻrta professional taʼlim; oʻrta maxsus professional taʼlim. Boshlangʻich professional taʼlim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida bepul asosda kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumtaʼlim fanlarining va mutaxassislik fanlarining ikki yillik integratsiyalashgan dasturlari asosida amalga oshiriladi. Oʻrta professional taʼlim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi ikki yilgacha boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim hamda boshlangʻich professional taʼlim negizida amalga oshiriladi. Oʻrta maxsus professional taʼlim texnikumlarda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, boshlangʻich professional va oʻrta professional taʼlim negizida davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida kasblar hamda mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda, davomiyligi kamida ikki yil boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha amalga oshiriladi. Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi) olgan fuqarolar ham oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim olish huquqiga ega. Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar taʼlim oluvchilarning oʻzi tanlagan kasbga va mutaxassislikka ega boʻlishini taʼminlaydi. Fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi professional taʼlimni olish huquqiga ega.