Nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻz faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiradi, bundan qoʻshimcha taʼlimni, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari mustasno. Nodavlat taʼlim tashkilotlari litsenziya talablariga va shartlariga muvofiq taʼlim xizmatlari koʻrsatadi. Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablariga muvofiq taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni beradi. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi taʼlim tashkilotlari tomonidan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilishi mumkin. Bunda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi taʼlim tashkilotlari belgilangan tartibda attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtishi kerak. Mustaqil ishlab chiqilgan va litsenziyada koʻrsatilgan oʻquv dasturlari boʻyicha taʼlim xizmatlari koʻrsatadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni beradi. Nodavlat taʼlim tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va yuqori kasbiy mahoratga ega boʻlgan pedagog kadrlar va boshqa kadrlarni jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi. Nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari boʻyicha oʻqitish taʼlim oluvchi yoxud uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari va nodavlat taʼlim tashkiloti oʻrtasida tuziladigan, oʻqitish muddatlari, shartlari va toʻlovlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.