Taʼlim toʻgʻrisida 37-modda. Taʼlim tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi

Taʼlim tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ularning rasmiy veb-saytlarida Internet jahon tarmogʻida joylashtiriladigan taʼlim tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi ochiq axborot resurslari bilan taʼminlanadi. Taʼlim tashkilotlari rasmiy veb-saytlarida quyidagilarni joylashtiradi: taʼlim tashkilotining ustavi; taʼlim berish tillari haqida maʼlumot; davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari; taʼlim faoliyatining moddiy-texnika taʼminoti haqida maʼlumot; litsenziya (nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun); taʼlim tashkilotining reytingi; taʼlim faoliyatini amalga oshirish uchun davlat akkreditatsiyasi toʻgʻrisidagi sertifikat; ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlari va natijalari, shuningdek ularni amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot bazasi toʻgʻrisidagi maʼlumot (oliy taʼlim uchun); taʼlim oluvchilarga stipendiyalar berish tartibi, ularga ijtimoiy yordam koʻrsatishning mavjudligi va shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumot; vaqtincha yashash joylarining mavjudligi va yashash joylarining soni, shuningdek toʻlov miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumot; pedagoglar va taʼlim oluvchilarning soni, shuningdek pedagoglarning ilmiy salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumot. Taʼlim tashkilotlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan axborotning ishonchligini taʼminlash uchun taʼlim tashkilotlarining rahbarlari shaxsan javobgardir. Ayrim taʼlim tashkilotlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanish qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda cheklanishi mumkin.