Akkreditatsiya qilingan taʼlim tashkilotlarining davlat taʼlim standartlariga va davlat taʼlim talablariga muvofiq taʼlim olgan bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat oilada taʼlim olgan yoki mustaqil taʼlim olgan hamda akkreditatsiya qilingan davlat taʼlim muassasalarining tegishli oʻquv dasturlari boʻyicha eksternat tartibida yakuniy va davlat attestatsiyasidan oʻtgan shaxslarga ham beriladi. Oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim hamda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi diplomga oʻzlashtirilgan fanlar roʻyxati, ularning hajmlari va fanlar boʻyicha baholari yozilgan varaqa ilova qilinadi. Tegishli ilmiy darajani olish uchun dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasining va xorijiy davlatlarning hukumatlari oʻrtasidagi ikki tomonlama bitimlar asosida taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻzaro tan olish amalga oshirilishi mumkin. Uzluksiz taʼlimning tegishli turini tamomlamagan shaxslarga belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beriladi. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat, shuningdek nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan beriladigan Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat uzluksiz taʼlimning keyingi turi (darajasi) boʻyicha oʻqishni davom ettirish yoki tegishli mutaxassislik va kasb boʻyicha ishlash huquqini beradi. Xorijiy davlatlarning va Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida ularning bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan ikki tomonlama diplom (Double Diploma) berilishi mumkin.