Jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, har kimga taʼlim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi. Taʼlim olish huquqi: taʼlim tashkilotlarini rivojlantirish; taʼlim tashkilotlarida innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va oʻquv dasturlarini innovatsion texnologiyalarni qoʻllagan holda amalga oshirish; ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy) taʼlim olishni tashkil etish; kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlimni va boshlangʻich professional taʼlimni bepul olish; oilada yoki mustaqil oʻqish orqali taʼlim olgan fuqarolarga, shuningdek umumiy oʻrta taʼlim olmagan shaxslarga akkreditatsiyadan oʻtgan davlat taʼlim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan oʻtish huquqini berish orqali taʼminlanadi. Chet ellik fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va qonunchiligiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim olishga haqlidir. Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar taʼlim olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.