Taʼlim tashkilotlari oʻz mulkiga, operativ boshqaruvidagi mulkka ega boʻlishi kerak. Davlat taʼlim muassasalarining operativ boshqaruvida boʻlgan obyektlarning (binolar, inshootlar, qurilayotgan binolar va inshootlarning, oʻquv, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmalarning, taʼlim oluvchilar vaqtincha turar joy binolarining, klinik bazalar va boshqa koʻchmas mulk obyektlarining, shu jumladan taʼlim kampuslariga kiradigan mulk obyektlarining) xususiylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Taʼlim tashkilotlari qayta tashkil etilgan hollarda ularning mol-mulki yangi tashkil etilgan taʼlim tashkilotiga huquqiy vorislik asosida oʻtkaziladi. Taʼlim tashkilotlari tugatilganda ularga tegishli mol-mulk kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan soʻng, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, muassislarga (ishtirokchilarga) qaytariladi.