Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 111-modda. Tashqi boshqaruvchilikka nomzod taqdim etish tartibi

Tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy qilish haqida sudga iltimosnoma bilan murojaat etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kreditorlarning yigʻilishi tashqi boshqaruvchilikka nomzodni maʼqullaydi. Tashqi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlarning yigʻilishiga har qanday kreditor tomonidan yoki vakolatli davlat organi tomonidan taklif etilishi mumkin. Kreditorlarning yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilishning ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan tartibiga muvofiq kreditorlarning eng koʻp ovozini olgan shaxsning nomzodi sudga taklif etiladi. Sud tashqi boshqaruv tartib-taomilini kreditorlar yigʻilishining tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqida iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlmagan holda joriy etayotgan boʻlsa, kreditorlarning yigʻilishi tashqi boshqaruvchilikka nomzodni sud tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqida ajrim chiqargan paytdan eʼtiboran uch haftalik muddat ichida koʻrib chiqishga, maʼqullashga va sudga taqdim etishga haqli. Tashqi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlarning yigʻilishi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, sud vakolatli davlat organi tomonidan taklif etilgan nomzodlar orasidan tashqi boshqaruvchini tayinlaydi.