Tashqi boshqaruvchi qarzdorning rahbari vakolatlarini amalga oshiradi. Tashqi boshqaruvchi quyidagilarga haqli: kreditorlarning yigʻilishini hamda kreditorlar qoʻmitasini chaqirishga; ushbu Qonunning 118-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarni hisobga olgan holda qarzdorning mol-mulkini tasarruf etishga; qarzdor nomidan kelishuv bitimi tuzishga; ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq haq olishga; agar ushbu Qonunda yoki kreditorlar bilan kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun boshqa shaxslarni ular faoliyatiga qarzdorning mablagʻlaridan haq toʻlagan holda shartnoma asosida ishga jalb qilishga; oʻz vazifalarini bajarishni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida sudga ariza berishga; ushbu Qonunning 63 — 65-moddalarida belgilangan tartibda qarzdorning shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqida sudga ariza berishga; qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklaridan, moliya tashkilotlaridan qarz olishga, shuningdek qarzdorning faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslardan moliyaviy yordam olishga; qarzdorga taalluqli boʻlgan axborotni va hujjatlarni qarzdorning rahbaridan, taʼsischilaridan va (yoki) davlat organlaridan soʻrab olishga; oʻz huquq va majburiyatlarining amalga oshirilishini taʼminlash uchun davlat xizmatlaridan, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan xizmatlardan oldindan toʻlovlarni amalga oshirmasdan foydalanish; qarzdorning shartnomalarini bajarish ushbu Qonunning 119-moddasida belgilangan tartibda rad etilishini maʼlum qilishga. Tashqi boshqaruvchi oʻz huquqlari va majburiyatlarini amalga oshirayotganda qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar boʻladigan shaxslarga nisbatan ular qarzdorni toʻlovga qobiliyatsizlikka olib borganligi munosabati bilan talablar qoʻyishga haqlidir. Tashqi boshqaruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.