Kreditorlar qarzdorga nisbatan oʻz talablarini tashqi boshqaruv tartib-taomili amal qilayotgan muddatning istalgan vaqtida taqdim etishga haqli. Mazkur talablar tashqi boshqaruvchiga qarzdorning joylashgan yeri va (yoki) elektron pochta manzili boʻyicha yuboriladi. Kreditorlarning ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq aniqlangan deb eʼtirof etiladigan talablari bu talablarni aniqlangan deb belgilash imkonini beruvchi hujjatlar ilova qilingan holda tashqi boshqaruvchiga yuboriladi. Tashqi boshqaruvchi kreditorlarning taqdim etilgan talablarini koʻrib chiqadi va tegishli talab olinganidan keyin uni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha kreditorlarning talablari reyestriga uzogʻi bilan ikki hafta ichida tegishli yozuv kiritadi. Tashqi boshqaruvchi koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida tegishli kreditorni kreditorning talablari olingan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir oylik muddat ichida xabardor qiladi. Kreditor kreditorlarning talablarini tashqi boshqaruvchi tomonidan koʻrib chiqish natijalari yuzasidan eʼtirozlarini toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrayotgan sudga bu natijalardan xabardor boʻlgan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida bildirishi mumkin. Kreditorlarning ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatda eʼtirozlar bildirilmagan talablari tashqi boshqaruvchi tomonidan aniqlanadigan miqdorda, tarkibda va ularni qanoatlantirish navbatida aniqlangan talablar deb hisoblanadi. Kreditor mustaqil ravishda qarzdordan talab qilish huquqini notarial tartibda boshqa shaxslarga oʻtkazishi mumkin. Bunda talab qilish huquqini sotib olgan shaxs talabini oʻn kun muddat ichida kreditorlar reyestriga kiritish uchun qarzdorning tashqi boshqaruvchisiga murojaat qilishi kerak.