Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 117-modda. Kreditorlarning eʼtirozlarini koʻrib chiqish

Kreditorlarning tashqi boshqaruvchi tomonidan aniqlangan oʻz talablari miqdori, tarkibi va ularni qanoatlantirish navbati xususidagi ushbu Qonunning 116-moddasida belgilangan muddatlarda berilgan eʼtirozlari sud tomonidan mazkur eʼtirozlar olingan sanadan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay koʻrib chiqiladi. Kreditorlarning eʼtirozlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud ajrim chiqaradi, ajrimda kreditorlarning qaysi talablariga nisbatan eʼtirozlar asosli deb topilgan boʻlsa, kreditorlarning shu talablari miqdori, tarkibi va ularni qanoatlantirish navbati koʻrsatiladi. Kreditorlarning eʼtirozlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud chiqargan ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish doirasida kreditorlarning eʼtirozlarini koʻrib chiqish chogʻida chiqarilgan ajrimlar va boshqa sud hujjatlari alohida ish yuritishda kreditorlarning qarzdorga nisbatan talablarini koʻrib chiqishda preyuditsial kuchga ega boʻladi. Qarzdor xodimlari vakilining mehnatga haq toʻlash va mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchi shaxslarga ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha qarzning miqdori va tarkibi haqidagi eʼtirozlari ham ushbu moddada belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.