Tashqi boshqaruv rejasi kreditorlarning yigʻilishida koʻrib chiqiladi, yigʻilish tashqi boshqaruv tartib-taomili joriy etilgan paytdan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmay tashqi boshqaruvchi tomonidan chaqiriladi. Tashqi boshqaruvchi zaruratga qarab barcha kreditorlarga kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida xabar qiladi hamda mazkur yigʻilish oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin ularga tashqi boshqaruv rejasi bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlaydi. Kreditorlarning yigʻilishida tashqi boshqaruvchi, qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili hamda qarzdorning xodimlari vakili maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etish huquqiga ega. Tashqi boshqaruv rejasi, agar yigʻilishda ishtirok etayotgan kreditorlarning yarmidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, tasdiqlangan deb hisoblanadi. Kreditorlarning yigʻilishi quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli: tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror; tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish haqidagi qaror; tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda tashqi boshqaruvchini oʻz vazifasini bajarishdan bir vaqtning oʻzida tashqi boshqaruvchilikka tavsiya etilayotgan yangi nomzodni tasdiqlagan holda ozod qilish haqidagi tegishli iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish toʻgʻrisidagi qaror. Mazkur qarorda tashqi boshqaruvning yangi rejasini koʻrib chiqish uchun kreditorlarning keyingi yigʻilishi chaqiriladigan sana nazarda tutilgan boʻlishi va bu muddat kreditorlarning yigʻilishi mazkur qarorni chiqargan kundan eʼtiboran bir oydan oshmasligi kerak. Kreditorlar yigʻilishida tasdiqlangan tashqi boshqaruv rejasi va kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran ikki kundan kechiktirmay tashqi boshqaruvchi tomonidan sudga taqdim etiladi. Agar ushbu moddaning beshinch