Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 136-modda. Muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash toʻgʻrisida ajrim chiqarish oqibatlari

Sud tomonidan muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash toʻgʻrisida ajrim chiqarilishi kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash uchun asos boʻladi. Sudning muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar belgilanadi: talablari qanoatlantirilishi boshlanadigan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbati; navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni tugallash navbatining mazkur ajrim chiqarilgan sanadan eʼtiboran ikki oydan oshmasligi shart boʻlgan muddati; bunday navbatdagi kreditorlarning talablarini qanoatlantirish nisbatlari. Kreditorlarning ular bilan hisob-kitoblarni boshlash haqida ajrim chiqarilgan kreditorlarga nisbatan navbat tartibida qanoatlantirilishi lozim boʻlgan talablari sud tomonidan aniqlangan taqdirda, sud kreditorlarning talablarini qanoatlantirish tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisida ajrim chiqarishga haqli. Agar muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblar sud tomonidan belgilangan muddatda amalga oshirilmagan yoki hisob-kitoblar belgilangan nisbatda amalga oshirilmagan boʻlsa, kreditor muayyan navbatdagi kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan sanadan eʼtiboran to uning talablari tegishincha toʻla yoxud belgilangan nisbatda qanoatlantirilgan sanaga qadar toʻlanmagan summaga Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasida nazarda tutilgan miqdorda foizlar hisoblanishini talab qilishga haqli.