Tugatish rejasida quyidagilar boʻlishi kerak: qarzdorning moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; kreditorlarning talablarini qanoatlantirish shartlari, tartibi, navbati va nisbati; qarzdor mol-mulki egasining, mehnat jamoasining manfaatlari hisobga olinganligi; sotilishi lozim boʻlgan mol-mulk roʻyxati; mol-mulkni sotish sanasi, vaqti, joyi va usuli; sud xarajatlarini toʻlash, tugatish boshqaruvchisiga, ekspertlarning va boshqa shaxslarning faoliyatiga haq toʻlash shartlari. Tugatish rejasi kreditorlarning yigʻilishi bilan kelishib olinishi kerak va, agar reja talablar jami summasining kamida uchdan ikki qismini ifoda etuvchi kreditorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlansa, maʼqullangan deb hisoblanadi. Agar tugatish rejasi maʼqullanmagan boʻlsa, kreditorlar esa tugatish rejasini bir hafta muddatda taqdim etmagan boʻlsa, tugatish boshqaruvchisi oʻz rejasini tasdiqlaydi. Agar qarzdorning oʻzi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish tashabbuskori boʻlsa, u oʻz tugatish rejasini taqdim etishga haqli. Tugatish rejasi asosida mol-mulk sotiladi hamda kreditorlarning qarzdorga qoʻyadigan talablari ushbu Qonunning 149 , 150 , 154 va 185-moddalarida belgilangan tartibda qanoatlantiriladi.