Qarzdorning barcha aktivlari, ular balanslarda koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar, tugatish massasini shakllantirish uchun asos boʻlib hisoblanadi. Tugatish massasiga quyidagilar kirmaydi: qarzdor xodimlariga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulk; ishonchli boshqaruvdagi, qarzdor ijara huquqi asosida foydalanayotgan mol-mulk; garov narsasi, shu jumladan garovga berilgan talab qilish huquqlari hamda garov xatlari, bundan ushbu Qonun 149-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno; qarzdorga javobgarlik asosida saqlash uchun berilgan tovarlar; qonunchilikka muvofiq qarzdorning mulki boʻlmagan boshqa mol-mulk. Qarzdorning balansida boʻlgan, lekin uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilmagan, shuningdek qarzdorga foydalanish uchun berilgan davlatga tegishli ijtimoiy infratuzilma obyektlari va umumiy foydalanishdagi kommunal soha obyektlari qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomili boshlangan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida ularning qoldiq qiymati boʻyicha tugatish boshqaruvchisi tomonidan tegishincha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va (yoki) tashkilotlarga ularning funksional mansubliligiga koʻra topshiriladi.