Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 15-modda. Kreditorlar yigʻilishini chaqirish tartibi

Kreditorlar yigʻilishi sud boshqaruvchisining tashabbusiga koʻra yoki kreditorlar qoʻmitasining talabiga binoan yoxud pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyatlar yuzasidan talablari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyatlar yuzasidan talablar umumiy summasining kamida uchdan bir qismini tashkil etuvchi kreditorlarning talabiga binoan yoki kreditorlar umumiy sonining uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqiriladi. Kreditorlar yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabda kreditorlar yigʻilishi kun tartibiga kiritilishi lozim boʻlgan masalalar taʼriflangan boʻlishi kerak. Sud boshqaruvchisi kreditorlar qoʻmitasining yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan kreditorlarning talabiga binoan chaqirilayotgan kreditorlar yigʻilishi kun tartibining masalalari taʼrifiga oʻzgartishlar kiritishga haqli emas. Kreditorlar yigʻilishi kreditorlar qoʻmitasining yoki ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan kreditorlarning talabiga binoan tegishli ariza bilan sud boshqaruvchisiga murojaat etilgan paytdan eʼtiboran kechi bilan oʻttiz kunlik muddat ichida sud boshqaruvchisi tomonidan chaqiriladi. Kreditorlar yigʻilishi, agar kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, qarzdorning joylashgan yerida (yashash joyida) oʻtkaziladi. Kreditorlarning birinchi yigʻilishini qarzdorning joylashgan yerida (yashash joyida) oʻtkazish mumkin boʻlmasa, kreditorlarning birinchi yigʻilishi oʻtkaziladigan joy sud boshqaruvchisi tomonidan belgilanadi.