Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 157-modda. Tashqi boshqaruv tartib-taomiliga oʻtish imkoniyati

Agar qarzdorga nisbatan sud sanatsiyasi va (yoki) tashqi boshqaruv tartib-taomili joriy etilmagan boʻlsa, tugatishga doir ish yuritish mobaynida esa qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishi mumkin deb hisoblash uchun asoslar, shu jumladan moliyaviy tahlil maʼlumotlari bilan tasdiqlangan asoslar paydo boʻlsa, tugatish boshqaruvchisi mazkur holatlar aniqlangan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida sudga tugatishga doir ish yuritishni tugatish va tashqi boshqaruv tartib-taomiliga oʻtish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat etish haqidagi masalani koʻrib chiqish maqsadida qarzdorning kreditorlari yigʻilishini chaqirishi shart. Tugatishga doir ish yuritishni tugatish va tashqi boshqaruv tartib-taomiliga oʻtish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilish haqidagi qaror shunday qarorni qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqayotgan kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilayotgan paytdagi holatga koʻra qanoatlantirilmagan kreditorlar talablari umumiy miqdorining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Tugatishga doir ish yuritishni tugatish va tashqi boshqaruv tartib-taomiliga oʻtish haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi kreditorlar yigʻilishining qarorida tashqi boshqaruv tartib-taomilining taklif qilinayotgan muddati va tashqi boshqaruvchilikka nomzod, shuningdek bu nomzod haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.