Kelishuv bitimida qarzdor pul majburiyatlarining miqdorlari, ularni bajarish tartibi va muddatlari toʻgʻrisidagi va (yoki) voz kechish haqini berish, majburiyatlarni yangilash, qarzni kechib yuborish yoʻli bilan yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa usullar bilan qarzdorning pul majburiyatlarini tugatish haqidagi qoidalar boʻlishi kerak. Kelishuv bitimida: pul majburiyatlarining bajarilishini kechiktirish yoki ularni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi; qarzdorning talab qilish huquqlaridan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi; qarzdorning pul majburiyatlarini uchinchi shaxslar tomonidan bajarish toʻgʻrisidagi; qarzlardan siylov berish haqidagi; soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlash muddatlari va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi; kreditorlarning talablarini qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa usullar bilan qanoatlantirish haqidagi shartlar koʻrsatilishi mumkin. Kelishuv bitimini tuzish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmagan, shuningdek uni tuzishga qarshi ovoz bergan kreditorlar uchun kelishuv bitimining shartlari uni tuzishni yoqlab ovoz bergan, xuddi oʻsha navbatning kreditorlari uchun belgilangan shartlardan yomon boʻlishi mumkin emas. Agar kelishuv bitimida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdorning oʻz zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishini taʼminlovchi mol-mulk garovi saqlanib qoladi.