Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash uchun asos boʻladi. Sud toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash haqida ajrim chiqaradi, ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilgan taqdirda kreditorlarning qaysi talablari boʻyicha ularga tegishli boʻlgan toʻlovlarni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash yoki qarzlardan siylov berish amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha talablari ularning qanoatlantirilmagan qismi boʻyicha tiklanadi. Kelishuv bitimining haqiqiy emas deb topilishi qarzdorga qoplangan xarajatlarni qaytarish va ushbu Qonun 165-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qanoatlantirish majburiyatini keltirib chiqarmaydi. Ushbu modda bilan tartibga solinmagan qismda bitimlar haqiqiy emasligining qonunchilikda nazarda tutilgan oqibatlari yuzaga keladi. Kelishuv bitimi haqiqiy emas deb topilgan taqdirda qarzdorning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ish yuritishni qayta tiklash haqidagi xabar sud tomonidan ommaviy axborot vositalarida qarzdorning mol-mulki hisobidan ushbu Qonunning 53 va 54-moddalarida nazarda tutilgan tartibda eʼlon qilinadi. Kreditorlarning kelishuv bitimi shartlari asosida hisob-kitob qilib boʻlingan, ushbu Qonunga zid boʻlmagan talablari qanoatlantirilgan deb hisoblanadi. Qaysi kreditorlarning talablari kelishuv bitimining muayyan kreditorlarning ustunligini yoki boshqa kreditorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishini nazarda tutuvchi shartlariga muvofiq qanoatlantirilgan boʻlsa, ushbu kreditorlar kelishuv bitimini bajarish tartibida olingan barcha narsalarni qaytarishi shart. Bunda mazkur talablar kreditorlarning talablari reyestrida tiklanadi.