Qishloq xoʻjaligi korxonasida kuzatuv, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv tartib-taomillari yetishtirilgan tovar qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun zarur vaqtni hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligi ishlarining tegishli davri tugagunga qadar boʻlgan muddatga joriy etiladi. Bunda kuzatuv tartib-taomili muddati uch oydan, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv tartib-taomillari muddati esa ushbu Qonun 108-moddasining uchinchi qismida belgilangan muddatdan oshishi mumkin emas. Agar sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomili muddati mobaynida tabiiy ofatlar va boshqa fors-major holatlari tufayli qishloq xoʻjaligi korxonasining ishlab chiqarishida pasayish va moliyaviy ahvolida yomonlashish sodir boʻlgan boʻlsa, sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomili muddati oʻn ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Ushbu Qonunning 103-moddasi talablariga muvofiq sud sanatsiyasi tartib-taomilini muddatidan ilgari tugatish faqat qishloq xoʻjaligi ishlarining tegishli davri tugaydigan muddatni hamda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan vaqtni hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkin. Tashqi boshqaruv tartib-taomili yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonasiga nisbatan joriy etilmaydi.