Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 224-modda. Jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni tamomlash oqibatlari

Jismoniy shaxsga nisbatan mol-mulkni sotish tartib-taomili tamomlangan yoki toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritish tugatilgan sanadan eʼtiboran besh yil ichida ushbu shaxs oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilganligi haqidagi faktni maʼlum qilmasdan turib oʻz zimmasiga kredit shartnomalari va (yoki) qarz shartnomalari boʻyicha majburiyatlarni qabul qilishga haqli emas. Jismoniy shaxsga nisbatan mol-mulkni sotish tartib-taomili tamomlangan yoki toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatilgan sanadan eʼtiboran besh yil ichida ushbu jismoniy shaxsning iltimosnomasiga koʻra toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilishi mumkin emas. Besh yil davomida jismoniy shaxs kreditorning yoki tegishli vakolatli organning arizasi asosida takroran toʻlovga qobiliyatsiz deb topilgan taqdirda, jismoniy shaxsga nisbatan ushbu Qonun 222-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jismoniy shaxsni majburiyatlardan ozod etish toʻgʻrisidagi qoida qoʻllanilmaydi. Jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish tartib-taomili tamomlanganidan keyin sud toʻlov muddati yetib kelgan, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish jarayonida bildirilmagan talablar boʻyicha ijro varaqasini qonunchilikda belgilangan tartibda beradi.