Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 233-modda. Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish oqibatlari

Sud tomonidan qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran: qarzdorning pul majburiyatlarini bajarish muddatlari boshlangan deb hisoblanadi; qarzdorning barcha majburiyatlari boʻyicha neustoykalar (jarima, penya), foizlar hisoblash va boshqa iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar bekor qilinadi; qarzdordan barcha ijro hujjatlari boʻyicha undiruv bekor qilinadi, bundan alimentlar undirish haqidagi talablarga oid, shuningdek hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talablarga oid ijro hujjatlari mustasno. Sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi qarorni barcha maʼlum boʻlgan kreditorlarga kreditorlar tomonidan talablar taqdim etiladigan muddatni koʻrsatgan holda yuboradi, bu muddat bir oydan oshmasligi kerak. Sudning ushbu qarorini yuborish qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor hisobidan amalga oshiriladi. Sud tomonidan qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran ushbu tadbirkorning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi oʻz kuchini yoʻqotadi, shuningdek faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun unga berilgan litsenziyalarning amal qilishi tugatiladi. Sud qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish haqidagi qarorning koʻchirma nusxasini ushbu shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olgan organga va litsenziyalovchi organga yuboradi. Ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan qarzdor jismoniy shaxsni bankrot deb topish chogʻida qoʻllanilmaydi.