Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 236-modda. Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish tartibi

Kreditorlarning talablarini qanoatlantirishdan oldin sudning depozit hisobvaragʻiga kiritilgan pul mablagʻlari hisobidan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish va sudning qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish haqidagi qarorini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni qoplanadi, fuqarolarning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararlarni qoplash haqidagi talablari qonunchilikka muvofiq qanoatlantiriladi. Kreditorlarning talablari quyidagi navbatda qanoatlantiriladi: birinchi navbatda — alimentlar undirish haqidagi talablar, shuningdek mehnatga haq toʻlashga oid va mualliflik shartnomalari boʻyicha haq toʻlashga oid hisob-kitoblarni nazarda tutadigan talablar; ikkinchi navbatda — soliqlar va yigʻimlar boʻyicha talablar, kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarining garovga qoʻyilgan mol-mulkni (garov narsasini) sotishdan tushgan summa yetarli boʻlmaganligi oqibatida qoplanmay qolgan qarzga oid qismi va kreditorlarning garov bilan taʼminlanmagan talablari; uchinchi navbatda — boshqa kreditorlar bilan hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Har bir navbat talablari oldingi navbatdagi talablar toʻliq qanoatlantirilganidan keyin qanoatlantiriladi. Agar sudning depozit hisobvaragʻida mablagʻlar yetarli boʻlmasa, bu mablagʻlar tegishli navbatdagi kreditorlar oʻrtasida ular talablarining summasiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.