Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 24-modda. Sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmalari

Sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmalari sud boshqaruvchilarini ixtiyoriy asosda birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlaridir. Sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmalari sud boshqaruvchilarning kasbiy darajasini yuksaltirishi va saqlab turishi, ularning kasbiy manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashishi kerak. Sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmalari: sud boshqaruvchilari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi; davlat hokimiyati organlari hamda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan munosabatlarda sud boshqaruvchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi; davlat hokimiyati organlaridan va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridan oʻz vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan axborotni soʻrab oladi; ushbu Qonunda belgilangan tartibda sud boshqaruvchisi lavozimiga nomzodni sudga taqdim etadi; sud boshqaruvchilarining kasbga oid odob qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholashni, ular tomonidan qonunchilikka, kasbga oid odob qoidalariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradi; sud boshqaruvchilarini tayyorlash dasturlarini ishlab chiqadi va ushbu dasturlarni vakolatli davlat organiga tasdiqlash uchun kiritadi; sud boshqaruvchilarini attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) oʻtkazishda ishtirok etadi; oʻz aʼzolari faoliyatini oʻrganadi va tahlil qilib boradi. Sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.