Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 32-modda. Sudgacha sanatsiya qilish asosi

Sudgacha sanatsiya qilish toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilguniga qadar amalga oshiriladi. Ushbu Qonunning 5-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari yuzaga kelgan taqdirda, qarzdorning rahbari bu haqda qarzdorning muassislariga (ishtirokchilariga), boshqaruv organlariga yoki qarzdor mol-mulkining egasiga yozma shaklda xabar qilishi shart. Toʻlovga qobiliyatsizlikning oldini olish maqsadida qarzdorning muassislari (ishtirokchilari), boshqaruv organi yoki qarzdor mol-mulki egasining qarzdorni toʻlovga qobiliyatsiz deb topish toʻgʻrisidagi arizasi sudga taqdim etilguniga qadar qarzdorni moliyaviy jihatdan sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻriladi. Qarzdorni moliyaviy jihatdan sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar qarzdor bilan tuzilgan bitimga asosan kreditorlar yoki boshqa shaxslar tomonidan ham koʻrilishi mumkin.