Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish ushbu Qonunning 5-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan alomatlar mavjud boʻlganda sud tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ishni yuritish kreditorlarning, qarzdorning va ushbu Qonun bilan vakolat berilgan shaxslarning arizasi asosida joriy etiladi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish va toʻlovga qobiliyatsizlikni tiklash tartib-taomillaridan birini qoʻllash haqida sudga ariza bilan murojaat qilishga qarzdorning vaqtincha toʻlovga qobiliyatsizligi asos boʻladi. Qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish hamda uni bankrot deb topish, shuningdek tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish uchun qarzdorning doimiy toʻlovga qobiliyatsizligi asos boʻladi. Kreditorning qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish hamda uni bankrot deb topish, shuningdek tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida ariza bilan sudga murojaat etishi uchun kreditor talablarining asosliligini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan sudning qonuniy kuchga kirgan qarori, mazkur talablar qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar, notariusning ijro xati asos boʻladi. Davlat soliq xizmati organi tomonidan qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza berish uchun soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha qarzni undirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar asos boʻladi.