Qarzdorning oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasiga Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari qarzdorlik mavjudligini, shuningdek kreditorlarning talablarini qarzdor toʻla hajmda qanoatlantirishga qodir emasligini, qarzdorning arizasiga asos boʻlgan boshqa holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Qarzdorning oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasiga quyidagilar ham ilova qilinadi: qarzdor yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari, yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar, shuningdek jismoniy shaxs pasportining koʻchirma nusxasi; qarzdorning kreditorlari va debitorlari roʻyxati, ularning joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda), uning kreditorlik hamda debitorlik qarzi yoyilmasi koʻrsatilgan holda; qarzdor yuridik shaxsning soʻnggi hisobot sanasidagi holatga koʻra buxgalteriya balansi yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatlar; qarzdor jismoniy shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulki tarkibi va qiymati toʻgʻrisidagi hujjatlar; qarzdor yuridik shaxs muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining qarzdor oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi haqidagi qarori; agar qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza berilguniga qadar qarzdor xodimlarining yigʻilishi oʻtkazilib, unda toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda ishtirok etish uchun qarzdorning xodimlari vakili saylangan boʻlsa, ushbu yigʻilish bayonnomasi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan hujjatlarning asl nusxasi yoki tasdiqlangan koʻchirma nusxalari ilova qilinadi.