Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 43-modda. Kreditorning arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar

Kreditorning qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasiga Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari qarzdorning kreditor oldidagi pul majburiyatlarini, shuningdek qarzi mavjudligini va uning miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar, toʻlovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartib-taomilida hamda jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishda sud boshqaruvchisiga haq toʻlash xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Kreditorning uning vakili tomonidan imzolangan arizasiga vakilning arizani imzolashga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi ishonchnoma ham ilova qilinadi. Kreditorning qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasiga quyidagilar ham, agar mavjud boʻlsa, ilova qilinadi: kreditorning qarzdorga nisbatan talablarini koʻrib chiqqan sudning qarori; ijro hujjati (ijro varaqasi, qarzdor tomonidan akseptlangan toʻlov talablari, notariusning ijro xati va boshqalar) yoki kreditor talablari qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar.