Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 52-modda. Qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qaror

Toʻlovga qobiliyatsizlikka oid tiklash tartib-taomillaridan birini joriy etish, kelishuv bitimini tasdiqlash yoki toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish uchun asoslar mavjud boʻlmaganda sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori ushbu Qonunning 5-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlangan hollarda qabul qilinadi. Sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarorida qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash, tugatish boshqaruvchisini tayinlash va unga haq toʻlash haqidagi koʻrsatma aks ettirilishi kerak. Sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarori ustidan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi har qanday shaxslar, shu jumladan kreditorlarning biri tomonidan, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquqlari va majburiyatlari haqida sud qaror qabul qilgan shaxslar tomonidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Sudning qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qarorida qarzdorning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilganligi koʻrsatiladi.