Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 65-modda. Baʼzi kreditorlarning talablarini boshqa kreditorlarning talablariga nisbatan afzalroq qanoatlantirish bilan bogʻliq bitimlarning haqiqiy emasligi

Qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza qabul qilinganidan keyin qarzdor tomonidan muayyan kreditorga yoki oʻzga shaxsga nisbatan tuzilgan bitim, agar bunday bitim qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha ayrim kreditorlarning talablari boshqa kreditorlarning talablariga nisbatan afzalroq qanoatlantirilishiga olib kelsa, quyidagi shartlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda sud boshqaruvchisining yoki kreditorning arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin: bitim qarzdorning yoki uchinchi shaxsning muayyan kreditor oldidagi majburiyatlari bajarilishini bitim bajarilguniga qadar taʼminlashga qaratilgan boʻlsa; bitim tuzilguniga qadar vujudga kelgan majburiyatlar boʻyicha kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbatining oʻzgarishiga olib kelgan boʻlsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa; bitim boshqa kreditorlar oldida belgilangan muddatda bajarilmagan majburiyatlar mavjud boʻlganda bitim tuzilgan paytda bajarish muddati kelmagan baʼzi kreditorlarning talablarini qanoatlantirishga olib kelgan boʻlsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa; agar talablarni qanoatlantirishga nisbatan muayyan kreditorga koʻproq afzallik berilgan boʻlsa yoki afzallik berishi mumkin boʻlsa va ushbu Qonunda nazarda tutilgan kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tartibi buzilishiga olib kelsa.