Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 73-modda. Subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish

Subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi ariza ushbu bobda belgilangan tartibda sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Arizada koʻrsatilgan shaxs qarzdorning ishlarini boshqaruvchi ekanligi toʻgʻrisida yetarli maʼlumot mavjud emasligi aniqlansa, sud subsidiar javobgarlikka tortishni rad etishi mumkin. Subsidiar javobgarlikka tortiladigan shaxsga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan taqdirda, ushbu shaxsni javobgarlikka tortish masalasi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish doirasida koʻrib chiqiladi. Agar ushbu Qonunning 70-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish jarayonida subsidiar javobgarlik miqdorini aniqlash mumkin boʻlmasa, sud arizani koʻrib chiqishni subsidiar javobgarlikka tortish uchun zarur boʻlgan barcha dalillar aniqlanguniga va kreditor bilan hisob-kitoblar tugaguniga qadar toʻxtatib turish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Ushbu ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Agar sud tomonidan arizani koʻrib chiqish jarayonida daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan boʻlsa, ushbu arizani koʻrib chiqish toʻxtatib turilgan davrda ham daʼvoni taʼminlash choralari amal qiladi. Kreditorlar bilan hisob-kitoblar yakunlanganidan soʻng qarzdorning mol-mulki yetarli emasligi sababli kreditorlarning talablari qanoatlantirilmagan taqdirda, tugatish boshqaruvchisi tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni, shuningdek kreditorlar yigʻilishining kreditorlarning qanoatlantirilmagan talablari miqdori toʻgʻrisidagi qarorini ilova qilgan holda subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi ishni tiklash haqidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi. Subsidiar javobgarlik miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi masala va tugatishga doir ish yuritish tartib-taomilini oʻtkazish natijalari haqidagi tugatish boshqaruvchisining hisoboti sud tomonidan koʻrib chiqiladi.