Tugatishni boshqaruvchi subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida talab qilish huquqidan foydalanish usulini tanlash haqida kreditorlarni qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxslarni subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qonuniy kuchga kirgan sud hujjati olingan sanadan eʼtiboran uch kun ichida xabardor qiladi. Bunday xabarnoma olingan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida kreditor tugatish boshqaruvchisiga subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida quyidagi talab qilish huquqidan foydalanish usullaridan birini tanlashga doir arizani yuborishga haqli: toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish doirasida qarzni undirish; talab qilish huquqini sotish; talab qilish huquqidan yoki uning bir qismidan boshqa kreditor foydasiga voz kechish. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xabarnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran yigirma kun ichida tugatish boshqaruvchisi sudga kreditorlar tomonidan subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi talab qilish huquqidan foydalanish usulini tanlash natijalari haqidagi hisobotni yuboradi. Hisobotda har bir kreditorning tanlovi, talablarning miqdori va navbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak. Kreditor ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddat ichida ariza taqdim etmagan taqdirda, kreditor ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan usulni tanlagan deb hisoblanadi. Sudning subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi hujjati asosida sud: ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan usulni tanlagan har bir kreditorga ushbu Qonunning 150-moddasida nazarda tutilgan talabni qanoatlantirish navbati va miqdori koʻrsatilgan holdagi ijro hujjatini talablarining summasiga muvofiq beradi; toʻlovga qobiliyatsizlikka doir ijro hujjatini qolgan summani undiruvchi sifatida qarzdorga beradi. Agar ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan usulni tanlagan kreditorlarning talablari summasi mazkur modda ikkinchi qismining uchinchi va toʻr