Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritish tamomlangandan keyin talablari toʻliq qanoatlantirilmagan shaxslar toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish doirasidan tashqari subsidiar javobgarlikka tortish uchun asoslar mavjud boʻlganda, sudga subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ariza berish huquqiga ega. Agar subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi ariza ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq berilgan boʻlsa, arizani koʻrib chiqishda quyidagi harakatlar amalga oshiriladi: agar arizada qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxslarni subsidiar javobgarlikka tortishdan manfaatdor boʻlgan shaxslar koʻrsatilmagan boʻlsa, sud bunday arizani harakatsiz qoldiradi va manfaatdor shaxslarni aniqlash maqsadida arizachiga toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish bilan tanishish huquqini beradi; ariza, talab qiluvchi shaxslarning sonidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari qoidalariga muvofiq koʻrib chiqiladi; shaxsni subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi sud hujjatida har bir kreditor foydasiga undiriladigan summa va talablarni qanoatlantirish navbati koʻrsatiladi; qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxslarni subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatida sud har bir kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan summa toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan tashqari har bir kreditorning talabini qanoatlantirish navbatini koʻrsatadi.