Muvaqqat boshqaruvchi: qarzdorning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash choralarini koʻrishi; qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil qilishi; qarzdorning kreditorlarini aniqlashi va kreditorlarning talablari reyestrini yuritishi, qarzdorga nisbatan kuzatuv tartib-taomili joriy etilganligi haqida kreditorlarni xabardor qilishi; kreditorning talabiga koʻra qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oʻn kunlik muddatda taqdim etishi; kreditorlarning birinchi yigʻilishini chaqirishi va oʻtkazishi shart. Muvaqqat boshqaruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin. Muvaqqat boshqaruvchi kuzatuv tartib-taomili tugagandan keyin, lekin sud majlisining belgilangan sanasiga kamida besh kun qolganda sudga oʻz faoliyati haqidagi hisobotni, qarzdorning moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash mumkinligi yoki mumkin emasligi haqidagi takliflarni, kreditorlarning birinchi yigʻilishi bayonnomasini ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etishi shart.