Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 9-modda. Qarzdorning, tugatish komissiyasining yoki tugatuvchining sudga ariza berish majburiyati

Qarzdor yuridik shaxsning rahbari, qarzdor jismoniy shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor quyidagi hollarda qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza bilan sudga murojaat etishi shart, agar: bir yoki bir nechta kreditorlarning talablarini qanoatlantirish qarzdorning boshqa kreditorlar oldidagi pul majburiyatlarini va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini toʻliq hajmda bajarishini imkonsiz qilib qoʻyishga olib keladigan boʻlsa; qarzdorning taʼsis hujjatlariga muvofiq qarzdorni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organ tomonidan qarzdorni tugatish toʻgʻrisida ariza bilan sudga murojaat etish haqida qaror qabul qilingan boʻlsa; qarzdorning mol-mulkiga qaratilgan undiruv qarzdorning xoʻjalik faoliyatini imkonsiz qilib qoʻyishi yoki boshqa kreditorlar talablari qanoatlantirilmasligiga olib kelishi mumkin boʻlsa. Agar yuridik shaxs tugatilayotganda kreditorlarning talablarini toʻliq hajmda qanoatlantirish imkonsizligi aniqlangan boʻlsa, tugatish komissiyasi yoki tugatuvchi sudga qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida ariza bilan murojaat etishi shart. Qarzdorning, tugatish komissiyasining yoki tugatuvchining arizasi ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay sudga yuborilishi kerak.