Sud sanatsiyasi tartib-taomili sud tomonidan kreditorlar yigʻilishining qarori asosida joriy etiladi, bundan ushbu Qonun 92-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Sudning sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimida sud sanatsiyasi tartib-taomilining muddati koʻrsatilishi, unda sud tomonidan tasdiqlangan qarzni toʻlash jadvali, majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslar haqidagi, bunday taʼminotning miqdori va shakllari toʻgʻrisidagi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchini tayinlash hamda unga toʻlanadigan haq miqdori haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak. Sudning sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi. Sud sanatsiyasi tartib-taomili koʻpi bilan yigirma toʻrt oy muddatga joriy etiladi.