Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 10-modda. Harbiy lavozimlar

Harbiy lavozimlar (harbiy xizmatchilar egallashi lozim boʻlgan shtat lavozimlari) va ularga muvofiq keladigan harbiy unvonlar harbiy qismlarning, harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqaruv organlarining vazirliklar va idoralar muassasalarining shtatlarida nazarda tutiladi. Harbiy lavozimlar oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlariga boʻlinadi. Qurolli Kuchlarda oliy qoʻmondonlik lavozimlariga tayinlash va lavozimidan ozod qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi. Harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek harbiy xizmatchilarning xizmat joyini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi. Harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy xizmatda qoldirilgan, shuningdek harbiy xizmatchilar uchun belgilangan taʼminotning barcha turlari, kafolatlar va imtiyozlar saqlangan holda davlat-huquq hamda mudofaa yoʻnalishidagi ishlarni bajarish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, boshqa tashkilotlarga yuborilishi mumkin.