Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 21-modda. Muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish

Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish hududiy komissiyaning qarori asosida ularning oilaviy sharoitiga koʻra, salomatligiga koʻra, oʻqishni davom ettirishi uchun amalga oshiriladi. Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini oilaviy sharoitga koʻra kechiktirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi: 1) chaqiriluvchining ota-onasi mehnatga qobiliyatsiz boʻlib, ularni boqishi shart boʻlgan mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa oʻgʻli boʻlmasa. Ota-onaning mehnatga qobiliyatsizligi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi; 2) chaqiriluvchining mehnatga qobiliyatli yolgʻiz onasi yoki otasi boʻlib, ularning qaramogʻida oʻn olti yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq farzandi boʻlgani holda mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa oʻgʻli boʻlmasa; 3) chaqiruv kunida chaqiriluvchining tugʻishgan aka-ukalaridan biri muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan boʻlsa; 4) chaqiriluvchining onasiz tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan bir farzandi boʻlsa; 5) chaqiriluvchining birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan xotini va voyaga yetmagan ikki va undan ortiq farzandi boʻlsa. Chaqiriluvchini uning ota-onasi vafot etganligi, ular uzoq muddat betobligi munosabati bilan yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra kamida besh yildan beri oʻz qaramogʻida saqlayotgan shaxslar uning ota-onasiga tenglashtiriladi. Ushbu modda ikkinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan chaqiriluvchilar oʻz roziligi va ota-onasining (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning) roziligi bilan harbiy xizmatga chaqirilish muddati kechiktirilmagan holda chaqirilishi mumkin. Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan chaqiriluvchilar, shuningdek oliy taʼlim muassasalarida kunduzgi oʻqishda tahsil olayotgan talabalar oʻqishni davom ettirishlari uchun ularning chaqirilish muddati oʻqishni tamomlagunlariga qadar kechiktiriladi. Oliy taʼlim mu