Haqiqiy harbiy xizmatda boʻlishning boshlanishi deb: muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan chaqiriluvchilar hamda zaxiradagi ofitserlar uchun — harbiy qismga joʻnash maqsadida mudofaa ishlari organida hozir boʻlgan kun; kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirgan shaxslar uchun — harbiy xizmatni oʻtash toʻgʻrisidagi kontrakt kuchga kirgan kun; oliy harbiy taʼlim muassasalariga, shuningdek vazirliklar va idoralarning oʻqish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan chaqiriluvchilar, harbiy xizmatga majburlar uchun — tegishli taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan kun; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun — tegishli farmon, qaror yoki farmoyish imzolangan kun hisoblanadi. Harbiy xizmatdan rezervga boʻshatilishi yoki isteʼfoga chiqarilishi munosabati bilan harbiy qism komandirining buyrugʻiga binoan shaxsiy tarkib roʻyxatidan chiqarilgan kun harbiy xizmatchi uchun harbiy xizmatda boʻlishning tugashi hisoblanadi. Harbiy xizmatchi uning harbiy xizmat muddati tugagan kuni shaxsiy tarkib roʻyxatidan chiqarilishi shart, quyidagi hollar bundan mustasno, agar harbiy xizmatchi: statsionar davolanishda boʻlsa; homiladorlik va tugʻish taʼtilida (harbiy xizmatchi ayollar) yoki bolani parvarishlash taʼtilida boʻlsa; asirda boʻlsa, garovda ushlab turilgan boʻlsa; bedarak yoʻqolgan boʻlsa — qonunda belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilguniga yoki vafot etgan deb eʼlon qilinguniga qadar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan boshqa hollarda.