Qurolli Kuchlar rezervidagi harbiy xizmatga majburlar birinchi va ikkinchi toifaga boʻlinadi. Birinchi toifali rezerv chaqiruv yoki kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtagan hamda xizmatni oʻtash davrida harbiy hisobdagi ixtisoslikni egallagan birinchi darajadagi harbiy xizmatga majburlar orasidan umumiy harbiy majburiyat asosida toʻldiriladi. Birinchi toifali rezerv Qurolli Kuchlarning jangovar qoʻshilmalari, qismlari va jangovar taʼminot boʻlinmalari safini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar toʻldirish uchun moʻljallangan. Ikkinchi toifali rezerv chaqiruv yoki kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtagan, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni oʻtagan ikkinchi darajadagi harbiy xizmatga majburlar orasidan umumiy harbiy majburiyat asosida toʻldiriladi. Ikkinchi toifani rezerv Qurolli Kuchlarning qismlari hamda ichki va texnik taʼminot boʻlinmalarini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar toʻldirish uchun, favqulodda vaziyatlar roʻy bergan yoki Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz yuzaga kelgan taqdirda urush davri taqozo etadigan tuzilmalarni kuchaytirish uchun moʻljallangan. Rezervga oʻtkazilgan shaxslar vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtishga yuborilishi mumkin.