Muddatli harbiy xizmatga chaqirilishdan (salomatligiga koʻra harbiy roʻyxatdan chiqarilganlardan tashqari) va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatdan ozod etilgan harbiy xizmatga majburlar, harbiy xizmatni oʻtamagan ofitserlar, harbiy hisobdagi ixtisosligi boʻlgan ayollar, shuningdek muqobil xizmatni oʻtagan fuqarolar zaxiradagilar harbiy roʻyxatiga qoʻyiladi. Zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar, zarurat boʻlgan taqdirda safarbarlik boʻyicha va Qurolli Kuchlarni kuchaytirish tadbir-choralariga favqulodda vaziyatlarda yoki Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz roʻy bergan taqdirda aholini muhofaza qilishga jalb etiladi. Harbiy xizmatga majburlarning zaxirada boʻlish yoshi chegarasi ushbu Qonunning 30-moddasiga muvofiq belgilanadi.