Fuqarolarning muqobil xizmatga chaqirilishi muddatli harbiy xizmatga chaqiriladiganlar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi, chaqiruvni tashkil etish va oʻtkazish esa hududiy komissiyalar va tuman (shahar) hokimliklari zimmasiga yuklatiladi. Fuqarolar muqobil xizmatni turar joylaridagi yoki mamlakatning boshqa mintaqalaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda oʻtaydilar. Bunday korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning roʻyxati, shuningdek muqobil xizmatdagi xizmatchilar shugʻullanishi mumkin boʻlgan ishlar va kasblarning turlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqarolarga ish haqining sakson foizi toʻlanadi. Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqarolarning ish haqidan ushlab qolinayotgan summalar respublika budjetiga oʻtkaziladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi muqobil xizmat tuzilmalariga rahbarlikni mudofaa ishlari organlari amalga oshiradi. Muqobil xizmatni tashkil etish va oʻtash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.