Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqarolarga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik tatbiq etiladi. Muqobil xizmat muddati mehnat stajiga qoʻshiladi. Muqobil xizmatni oʻtayotganda mehnat qobiliyatini yoʻqotgan fuqarolar va halok boʻlgan fuqarolarning oilalari, shuningdek ularning qaramogʻida boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilar uchun belgilangan nafaqalar va pensiya taʼminoti olish huquqiga ega. Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqaro uni belgilangan joyda oʻtashi, qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga, ish joyida amal qiladigan ichki mehnat tartibi qoidalariga, shuningdek mehnat shartnomasi (kontrakti) shartlariga rioya etishi shart. Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqaro rahbarlik va saylab qoʻyiladigan lavozimlarni egallashi, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi, taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi mumkin emas. Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqarolar falokatlar, halokatlar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf qilish ishlariga jalb etilgan taqdirda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqadigan hamda ana shu oqibatlarni bartaraf etish komissiyalari yoki shtablarining joylardagi rahbarlari tomonidan belgilanadigan maxsus vazifalarni bajaradilar. Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqaro ushbu xizmatdan boʻshatilganidan keyin ilgarigi ishiga yoki unga teng ishga (lavozimga), shuningdek chaqirilishga qadar oʻzi oʻqigan taʼlim muassasasiga qaytish huquqiga ega.