Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 42-modda. Harbiy roʻyxatning umumiy qoidalari

Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar harbiy roʻyxatdan oʻtishlari zarur. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni harbiy roʻyxatdan oʻtkazish davlatdagi mavjud va harbiy xizmatga yaroqli chaqiriluvchilar resurslarini hisobga olish hamda tahlil qilishning umumdavlat tizimi hisoblanadi. Roʻyxatga olish tizimining faoliyat koʻrsatishi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklari tomonidan taʼminlanadi. Tibbiy tayyorgarlikka yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan roʻyxatdagi tegishli harbiy ixtisoslikka turdosh kasb boʻyicha tayyorgarlikka ega boʻlgan ayollar harbiy roʻyxatga kiritiladi. Ular tuman, shahar mudofaa ishlari organlarining chaqiruviga binoan tibbiy koʻrikdan oʻtish va harbiy roʻyxat qoidalarini bajarish uchun hozir boʻlishlari shart. Harbiy roʻyxatga olish tartibi va uni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Harbiy roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.