Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 44-modda. Harbiy roʻyxatga kiritish va undan chiqarish

Harbiy xizmatga majburlar va harbiy xizmatdan boʻshatilganidan keyin turar joyiga yetib borgan shaxslar uch kunlik muddat ichida tegishli mudofaa ishlari organlariga kelishlari shart. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar turar joyi bir yarim oydan koʻproq muddatga oʻzgargan, uch oydan koʻproq muddatga xizmat safariga, oʻqish, taʼtil yoki davolanishga borgan taqdirda turar joylaridagi harbiy roʻyxatdan chiqishlari, yangi turar joyga (doimiy yoki vaqtinchalik) kelganlaridan keyin uch kunlik muddat ichida harbiy roʻyxatdan oʻtishlari shart. Urush davrida harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarning tuman (shahar) mudofaa ishlari organi boshligʻining ruxsatisiz doimiy turar joyidan boshqa joyga ketishi man etiladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan hollarda harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar harbiy roʻyxatdan chiqish va harbiy roʻyxatda turish uchun harbiy-hisob hujjatlarini mudofaa ishlari organiga topshirishlari lozim. Qishloq joylarga borgan yoki u yerlardan joʻnab ketayotgan harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar harbiy-hisob hujjatlarini tegishli fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga topshirishlari kerak. Harbiy xizmatga chaqirilgan yoki kirgan shaxslar, shuningdek vazirliklar va idoralarga xizmatga maxsus unvonlar berilgan holda, xodimlar lavozimlariga kirgan shaxslar rezervdagilar va zaxiradagilarning harbiy roʻyxatidan chiqarilishi lozim. Harbiy roʻyxatdan quyidagilar chiqarilishi shart: 1) tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilib, harbiy roʻyxatdan chiqarilgan fuqarolar; 2) rezervda yoki zaxirada boʻlish yoshining chegarasiga yetgan fuqarolar; 3) chet elga doimiy yashash uchun joʻnab ketayotgan fuqarolar; 4) vafot etgan yoki qonunda belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqarolar.