Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 7-modda. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmat

Kontrakt boʻyicha harbiy xizmat Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga ixtiyoriylik asosida, harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar orqali davlat bilan tuziladigan kontraktga binoan kirgan fuqarolar bajaradigan harbiy xizmat turidir. Harbiy xizmatni kasb tariqasida tanlagan fuqarolar kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlarida oʻtaydilar. Harbiy xizmatni oʻtash muddatlari va asosiy shartlari kontraktda belgilanadi. Bunda haqiqiy harbiy xizmatga kontrakt boʻyicha kirayotgan shaxslar bilan dastlabki kontrakt besh yilga tuziladi; kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar (rezervdagi harbiy xizmatga majburlar) bilan yangi kontrakt besh yilga yoki agar harbiy xizmatda boʻlish yoshining chegarasiga yetishiga besh yildan kam qolgan boʻlsa, kamroq muddatga tuziladi. Oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari bilan oʻqish davri uchun kelgusida ularning ofitserlar tarkibi lavozimlarida harbiy xizmatni kamida besh yil majburiy oʻtashi sharti bilan kontraktlar tuziladi. Harbiy xizmatning kontraktda nazarda tutilgan muddati tugaganidan keyin taraflarning kelishuvi bilan bu muddat yangi kontrakt tuzish orqali uzaytirilishi mumkin. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtash tartibi va muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.