Quyidagi hollarda turar joyni almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi, agar: ijaraga oluvchiga nisbatan turar joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisida daʼvo taqdim etilgan boʻlsa; jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi munosabati bilan turar joy xatlangan (boshqa shaxsga berish taqiqlab qoʻyilgan) boʻlsa; almashtirish soxta tusda boʻlsa; turar joy texnik nosoz holatda boʻlib, buziladigan yoki boshqa maqsadlarda foydalanish uchun qayta quriladigan yoxud davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun beriladigan boʻlsa; turar joy yashash xonalarini qayta qurish yoki oʻzgartirish bilan kapital taʼmirlanishi lozim boʻlsa; almashtiriladigan turar joylardan biri aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uyida boʻlsa; joy xizmat turar joyi boʻlsa yoki yotoqxonada boʻlsa; almashtirish munosabati bilan almashayotgan taraflardan birining uy-joy sharoitlari tubdan yomonlashib, buning oqibatida fuqarolar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlib qolsalar. Qonunchilikda turar joy almashtirilishini man etuvchi boshqa hollar nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.