Uy-joy fondini boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash shartnomalari yozma shaklda tuziladi. Boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot, bir tomondan, va uy-joy fondi mulkdori yoki shirkat, agar shirkat tashkil etilmagan boʻlsa, koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari, ikkinchi tomondan, uy-joy fondini boshqarish shartnomasining taraflaridir. Uy-joy fondini boshqarish shartnomasining majburiy shartlari quyidagilardan iborat: boshqaruv amalga oshiriladigan koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki tarkibi hamda uyning manzili; koʻp kvartirali uydagi joylar mulqdorlarining umumiy mol-mulkini, shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasi saqlanishini taʼminlash boʻyicha boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilotning majburiyatlari; boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot xizmatlariga haq toʻlash tartibi va miqdori; koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlarini topshirish shartlari; shartnoma boʻyicha majburiyatlarning boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi. Uy-joy fondini boshqarish shartnomasi shartlari koʻp kvartirali uydagi joylarning barcha mulkdorlari uchun bir xil belgilanadi. Agar uy-joy fondini boshqarish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlariga har yili uy-joy fondini boshqarish shartnomasining oʻtgan yilgi bajarilishi toʻgʻrisida joriy yilning birinchi choragi ichida hisobot taqdim etadi. Uy-joy fondining mulkdori yoki u vakolat bergan organ, shirkat, boshqaruvchi yoxud boshqaruvchi tashkilot uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tegishli xizmat koʻrsatuvchi va taʼmirlovchi tashkilotlar bilan ishlarni bajarishga (xizmatlar koʻrsatishga) doir shartnomalar tuzishga haqlidir.