Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, u besh yilga tuzilgan deb hisoblanadi. Bir yilgacha muddatga tuzilgan turar joyni ijaraga berish (qisqa muddatli ijara) shartnomasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi qoidalari qoʻllaniladi. Yangi muddatga shartnoma tuzishda ijaraga oluvchi imtiyozli huquqqa ega boʻladi. Ijaraga beruvchi tomonidan eʼtiroz boʻlmagan taqdirda, ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin ham turar joydan foydalanishni davom ettirsa, shartnoma avvalgi shartlarda qayta tuzilgan deb hisoblanadi. Davlat uy-joy fondidan ijaraga beruvchi, agar turar joyni ijaraga bermaslikka qaror qilgan boʻlsa, bu haqda ijaraga oluvchini kamida bir yil oldin xabardor etib, yangi muddatga shartnoma tuzishdan voz kechishi mumkin, aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi bundan mustasno.