Uy-joy kodeksi 5-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi: uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosini taʼminlash; uy-joy fondini va kommunal obyektlarni boshqarishni tashkil etish; oʻz tasarrufidagi hududda kommunal xizmatlarga oid tarif siyosatini belgilangan tartibda shakllantirish; uy-joy fondini hisobga olish; davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va fuqarolarga ijara shartnomasi shartlari asosida berish; davlat uy-joy fondidagi turar joylarni ulardan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yuridik shaxslarga arenda shartnomasi shartlari asosida berish; uy-joy fondidan foydalanilishi va uning asralishi, aholiga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar sifati ustidan nazoratni taʼminlash; aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam taʼminlangan toifalari orasidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish hamda ularni aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan uy-joy bilan taʼminlash; fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam taʼminlangan toifalari uchun uy-joy qurish; uy-joy quruvchilarga uy-joy qurish uchun, shuningdek uy-joy mulqdorlarining shirkatlariga doimiy foydalanishga belgilangan tartibda yer uchastkalari berish; uy-joy fondiga xizmat koʻrsatuvchi kommunal xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va transport infratuzilmasi obyektlarining lozim darajada saqlanishi hamda rivojlantirilishini taʼminlash; davlat uy-joy fondining turar joylarini bronlashtirish va almashtirish; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.